Diqqat, tanlov! "Abituriyent” gazetasi Navoiy o‘quv markazi va www.abituriyent.uz sayti bilan hamkorlikda VTS olimpiadasini o‘tkazmoqda. Olimpiadada respublikamizning o‘zbek tilida ta’lim olgan barcha abituriyentlari ishtirok etishlari mumkin. Quyida VTS olimpiadasi haqida atroflicha to‘xtalib o‘tamiz.
1. VTS olimpiadasi nima?
Virtual test sinovlari olimpiadasi "Abituriyent” gazetasining yuqorida tilga olingan hamkorlar bilan birgalikda uyushtiradigan tanlovi bo‘lib, u 2011 – 2012-yilgi mavsumdan boshlab o‘tkazila boshlandi. Tanlov to‘rt yo‘nalishda (tabiiy, iqtisod, texnika va ijtimoiy yo‘nalishlarda) o‘zbek tilida tashkil qilinadi. Tanlovdan maqsad abituriyentlarning kirish imtihonlariga tayyorgarligini nazoratdan o‘tkazish, ularda test yechish ko‘nikmasini shakllantirish hamda sinovlarda yuqori ko‘rsatkichga erishgan o‘quvchilarni rag‘batlantirishdan iborat.
2. O’tgan 2012 – 2013-yilgi VTS olimpiadasi haqida
Saralash bosqichi 5 oy davom etgan navbatdagi VTS olimpiadasining yakuniy bosqichi 2013-yil 5-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tdi.
Olimpiadada saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan 21 nafar abituriyent ishtirok etishdi. Finalchilar yakuniy bosqichda ham, xuddi saralash bosqichida bo‘lganidek, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha uchta fandan test topshirdilar. Baholash esa oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihoni baholash mezonlari asosida (3,1; 2,1; 1,1 ballar) amalga oshirildi. To‘plangan umumiy ball esa shu ballar yig‘indisidan iborat bo‘ldi. Saralash bosqichi boshlanishida iqtisodiyot yo‘nalishidagi abituriyentlar soni kam bo‘lgani sababli bu yo‘nalish texnika yo‘nalishi bilan birlashtirib yuborildi.
Test jarayoni uch soat davom etdi.
Quyida 2012 – 2013-yilgi VTS olimpiadasida g‘olib bo‘lgan abituriyentlarning ism-shariflari hamda to‘plagan ballari keltiriladi.
Ijtimoiy yo‘nalish:
1. Muqaddas Tursunova - 200,3
2. Muqaddas Rashidova - 181,3
3. Nargiza Shoumarova - 172,1
Tabiiy yo‘nalish:
1. Farida Keldiyorova - 154,6
2. Otabek Qamarov - 150,4
3. Otabek Hamzayev - 148,1
Iqtisodiyot yo‘nalishi:
1. Doniyor Xo’jayev - 136,4
2. Odil Shodmonqulov - 126,6
3. Azimbek Xudoyberdiyev - 120,4
3. VTS olimpiadasida ishtirok etish shartlari
Olimpiada quyidagi shartlar asosida o‘tkaziladi:
1. Avvalo, 2013-yilning 30-oktabriga qadar ro‘yxatdan o‘tish lozim. Ro‘yxatdan o‘tish uchun abituriyent o‘zi haqida quyida keltirilgan shakldagi ma’lumotni azimjon105@mail.ru manziliga yuborishi kerak bo‘ladi. Ma’lumotnomada abituriyentning ism-sharifi, pasport ma’lumotnomasi (raqami va qachon qayerdan berilgani), tahsil olayotgan (yoki olgan) dargoh nomi, telefon raqami hamda foydalanuvchi nomi (nik) to‘liq ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.
2. 2013-yilning 1-noyabridan 2014-yilning 1-mayiga qadar saralash bosqichi o‘tkaziladi. Bu oraliqda ishtirokchi "Abituriyent” gazetasining noyabrdan to aprel oyining oxirigacha chiqadigan sonlaridagi o‘z yo‘nalishiga taalluqli testlarni yechadi va javoblarini www.abituriyent.uz saytining VTS bo‘limiga kiritadi. "Natijani ko‘rish” tugmasini bosib, necha ball to‘plagani, ayni paytda ishtirokchilar reytingida qaysi pog‘onani band etib turgani haqida ma’lumotga ega bo‘ladi.
3. VTS olimpiadasining final bosqichi 2013-yilning may oyida bo‘lib o‘tadi. Unda har bir yo‘nalish bo‘yicha eng kuchli (3 tadan 10 tagacha bo‘lgan) abituriyent ishtirok etadi. Final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan abituriyentlar ro‘yxati hamda imtihon o‘tkazish tartibi, joyi, sanasi "Abituriyent” gazetasi va www.abituriyent.uz sayti orqali e’lon qilinadi.
4. VTS olimpiadasi g‘oliblarini taqdirlash
VTS olimpiadasida har bir yo‘nalish bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rin sohiblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar. Pul mukofotlari o‘rinlar uchun quyidagicha taqsimlangan:
1 ta I o‘rin – 500.000 so‘m;
1 ta II o‘rin – 300.000 so‘m;
1 ta III o‘rin – 200.000 so‘m.
Bir xil ball to‘planishi natijasida o‘rinni taqsimlash bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan taqdirda qo‘shimcha sinov o‘tkaziladi.
Marhamat, tanlovda ishtirok eting va bilimingizni sinab ko‘ring. Olimpiada o‘z g‘oliblarini kutmoqda.