Dunyo davlatlari bilan munosabatlar
o‘rnatishda ular bilan umumiy muloqot tili juda muhim hisoblanadi.
Albatta, muloqotga kirishuvchi har bir inson barcha millatlar tillarini
bilishi shart emas. Bunday paytlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi
aloqalarni ta’minlaydigan mutaxassislarga ehtiyoj seziladi. Ular,
albatta, qaysidir millatga mansub bo‘lishadi-da, ikkinchi millat tilini
o‘rganishadi. Natijada, ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar
o‘rnatiladi.
Mamlakatimizda shu soha bo‘yicha kadrlar
tayyorlab beradigan oliy o‘quv yurtlaridan biri - O‘zbekiston davlat
jahon tillari universiteti.
Mazkur o‘quv maskanining til
filologiyalari yo‘nalishlariga asosiy til (yo‘nalish nomi keltirilgan
til), ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan imtihon topshiriladi.
Yo‘nalishlar quyidagilardan iborat:
1. Ispan filologiyasi. Bu
yo‘nalishga o‘tgan yili 72 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib,
ularning 4 nafari davlat granti asosida, 16 nafari esa to‘lov-shartnoma
asosida o‘qishga qabul qilingan.
2. Nemis filologiyasi.
Ushbu yo‘nalishga 340 nafar abituriyent hujjat topshirib, ularning 29
nafari davlat granti asosida, 55 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida
talabalar safiga qabul qilingan.
3. Fransuz filologiyasi.
Mazkur yo‘nalishga esa 2012 - 2013-o‘quv yilida 232 nafar abituriyent
hujjat topshirgan bo‘lib, ulardan 15 nafari davlat granti asosida, 36
nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.
4. Ingliz tili filologiyasi.
Dunyoda asosiy muloqot tili ingliz tili bo‘lgani sababli universitetda
ushbu fakultet eng ko‘p mutaxassis tayyorlaydigan yo‘nalish hisoblanadi.
Joriy o‘quv yilida fakultetga 3167 nafar abituriyent hujjat topshirgan
bo‘lib, ulardan 187 nafari davlat granti asosida, 515 nafari esa
to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.
Fakultetda maxsus "IELTE” yo‘nalishi ham
tashkil qilingan bo‘lib, u yerda ingliz tilining sir-asrorlari kengroq
o‘rgatiladi va darslar to‘liq ingliz tilida olib boriladi. Yuqori
darajali ingliz tili kurslarini, asosan, mana shu yo‘nalishni bitirgan
mutaxassislar o‘rgatishi mumkin. "IELTE” yo‘nalishi talabasi bo‘lish
uchun 1-avgustda bo‘ladigan imtihonda ingliz tili filologiyasi talabasi
bo‘lish kerak. Undan so‘ng maxsus imtihon topshiriladi. Bu imtihonda
ingliz tilidagi matnni eshitib tahlil qila bilish, berilgan matnni
o‘qib, tushunib, gapira olish, shuningdek, grammatikadan bilimlar
sinovdan o‘tkaziladi. Talabalikka qabul qilingan abituriyentlarning eng
saralari ana shunday usul bilan tanlab olinadi.
5. Xitoy tili filologiyasi.
Dunyoda aholi soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turuvchi mamlakatning
tilini o‘rgatadigan ushbu yo‘nalishga o‘tgan o‘quv yilida 171 nafar
abituriyent hujjat topshirgan. Ularning 4 nafari davlat granti asosida,
16 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan.
6. Tarjima nazariyasi va amaliyoti. Boshqa
tillardan o‘zbek tiliga yoki aksincha tarjima qiluvchi mutaxassislarni
mazkur yo‘nalish tayyorlab beradi. Ma’lumki, tarjima – juda nozik ish.
Tarixda davlatlar o‘rtasidagi muzokaralar tarjimonlar tomonidan
noto‘g‘ri tarjima qilinganligi sababli ayrim ishlar nihoyasiga yetmasdan
qolib ketgan holatlar ham yo‘q emas. Ushbu kasbning nozik jihatlarini
sizga mazkur fakultet ustozlari o‘rgatishadi.
Ushbu yo‘nalishga o‘tgan yili 227 nafar
abituriyent hujjat topshirib, ularning 13 nafari davlat granti asosida, 7
nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu
yo‘nalishga kirish uchun ona tili va adabiyot, chet tili va tarix
fanlaridan imtihon topshiriladi.
Umuman, O‘zbekiston davlat jahon tillari
universiteti mamlakatimizga har yili 1000 dan ortiq mutaxassis yetkazib
beruvchi katta o‘quv dargohlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga,
har yili mazkur o‘quv yurti shuncha abituriyentni o‘z quchog‘iga ham
oladi.
|