Huquqiy masalalarning yechimi davlat
miqyosida juda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli ham mazkur
sohadagi yetuk mutaxassislarni tayyorlab berish dolzarb vazifa
hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishda Toshkent davlat yuridik institutining
o‘qituvchi-professorlari tinimsiz mehnat qilishmoqda. Har yili bu
dargohni bitirgan 400 dan ortiq bitiruvchi huquqni muhofaza qilish
idoralarida o‘z mehnat faoliyatlarini boshlashadi.
Mazkur oliy o‘quv yurtida birgina
Yuruspridensiya yo‘nalishi bo‘yicha abituriyentlar qabul qilinadi.
Talabalar bu yo‘nalishni tamomlab, o‘zlariga mos sohalarda, aniqroq
qilib aytadigan bo‘lsak, quyidagi sohalardan birida ish olib borishlari
mumkin:
1. Davlat boshqaruvida.
Barchamizga ma’lumki, davlat boshqaruvi qonun chiqaruvchi palata hamda
yuqori palata — Senatdan tashkil topgan. Yangi qonunlarni ishlab chiqish
hamda uni bajarmagan shaxslarga nisbatan ko‘riladigan jazo turlarini
belgilashda yuristlarga ehtiyoj seziladi. Yanayam aniqrog‘i, qonun
chiqaruvchi palataning asosiy qismini yuristlar va huquq sohasidan
xabardor deputatlar tashkil qilishadi.
2. Prokuratura organlarida.
Hayotimizda sodir bo‘layotgan jinoiy ishlarga qarshi huquqni muhofaza
qilish organlari kurashadi. Prokuratura esa ana shu organlardan biri
va mazkur tizimda tergov va surishturuv ishlarini olib boradi. Bu
organning xodimlari esa ushbu yo‘nalish bitiruvchilari hisoblanishadi.
3. Sud organlarida.
Qonun chiqaruvchi organlar qonunlarni qabul qilsa, sud organlari esa
qonunlar asosida odil sudlovni amalga oshiradi. Shunday qilib, sud
hokimiyati tizimining bosh vazifasi inson huquqlarini himoya qilish,
fuqarolar o‘rtasidagi nizolarni hal etish, aholi va davlat organlari
hamda qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishdir.
Ko‘riladigan masalalarga qarab sudlar
xo‘jalik (yuridik shaxslar, firmalar, korxona va tashkilotlar
o‘rtasidagi xo‘jalik ishlariga oid masalalar bo‘yicha), fuqarolik
(fuqarolarning o‘zaro munosabatlari bo‘yicha), jinoyat ishlari bo‘yicha
(jinoyat kodeksida ko‘rsatilgan bandlardagi masalalar) va harbiy
sudlarga bo‘linadi. Ushbu yo‘nalish bitiruvchilari o‘z qobiliyatlaridan
kelib chiqqan holda ushbu sud organlaridan birida faoliyat
ko‘rsatishlari mumkin.
4. Advokatlik firmalarida. Qaysidir
muammo bo‘yicha yuqoridagi organlardan biriga ishi tushgan odam
o‘zining haq-huquqlarini to‘liq bilmasligi mumkin. Bunday holatda esa
mazkur soha vakillaridan birining yordamiga ehtiyoj seziladi.
Fuqarolarning huquqiy himoyalanishini ta’minlovchi kasb egalari
advokatlar hisoblanadi. Hozir yuridik va jismoniy shaxslarni bunday
mutaxassislar bilan ta’minlovchi, huquqiy maslahatlar beruvchi firmalar
talaygina. Toshkent davlat yuridik instituti bitiruvchilari esa shu
firmalardan birida o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ishlashlari ham
mumkin.
Bundan tashqari, hozir korxona va
tashkilotlar o‘zlarining yuridik huquqlarini himoya qilishlari uchun
yurist vazifasini joriy etishmoqda. Shu sababli mazkur soha vakillari
bunday jamoalarda faoliyat ko‘rsatishlari mumkin.
Yuridik institutda tergov faoliyati
o‘rgatilgani sababli bitiruvchilar Ichki ishlar vazirligi va Bosh
prokuratura organlarining tergov boshqarmalarida ham faoliyat olib
borishlari mumkin.
Mazkur oliy o‘quv yurtida talabalarning
o‘z mutaxassisliklarini mukammal egallashlari uchun juda yaxshi
imkoniyatlar yaratilgan. Yotoqxonalar zamonaviy jihozlar bilan to‘liq
ta’minlangan. Hatto, yotoqxona eshigi yonida turib istalgan xonadagi
odamni chaqirib oladigan zamonaviy texnika qurilmasi ham mavjud.
Bo‘lajak yuristlarning o‘z tajribalarini
oshirib borishlari uchun institut qoshida yuridik klinika tashkil
etilgan bo‘lib, mazkur klinikaning vazifasi fuqarolarga huquqiy ko‘mak
berishdan iborat. Talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalari yordamida
kimgadir yordam berish bilan birga, o‘z tajribalarini ham oshirib
boradilar.
Joriy o‘quv yilgi qabul jarayonida
institutning milliy yo‘nalishiga 47 nafar abituriyent grant asosida,
310 nafar abituriyent esa to‘lov-shartnoma asosida talabalar safiga
qabul qilindi.
Oliy o‘quv yurtining to‘lov-kontrakt
qismiga o‘tish ballari 2011-2012-o‘quv yilida 169,6 ballni tashkil etgan
bo‘lsa, 2012-13-o‘quv yilida 175,0 balldan iborat bo‘ldi.
Mazkur institut talabasi bo‘lish uchun
abituriyentlar tarix, ona tili va adabiyot hamda ingliz tili fanlaridan
imtihon topshirishadi.
|