
Toshkent farmatsevtika instituti dorishunoslik va dori ishlab
chiqarish bo‘yicha mutaxassislar yetishtirib beruvchi Markaziy Osiyodagi
yagona oliy o‘quv yurti hisoblanadi. Farmatsevtika sohasida yetuk
mutaxassislikka erishmoqchi bo‘lgan abituriyentlar moddalarning
tarkibi, ularning boshqa moddalar bilan reaksiyaga kirishishi yoki
kirishmasligi, olingan modda nimalarga ta’sir ko‘rsatib, nimalarni
kuchaytirib yuborishi haqida chuqur bilimga ega bo‘lishlari talab
qilinadi. Chunki dorishunoslikning asosi qaysidir bakteriya yoki virusni
boshqa moddalar yordamida yo‘q qilish hisoblanadi. Shifokorlarning
asosiy yordamchilari esa farmatsevtlardir.
Institutni bitirgan mutaxassis dori ishlab chiqarishning qaysi
bosqichida faoliyat ko‘rsatishi uning yo‘nalishiga bog‘liq. Shu bois
Sizni Toshkent farmatsevtika institutining yo‘nalishlari bilan batafsil
tanishtirsak.
1. Farmatsiya yo‘nalishini bitirgan talabalarning asosiy vazifasi
yangi dori yaratish hisoblanadi. Bu yo‘nalish talabalari tanlagan
yo‘nalishlariga ko‘ra dori tuzilishi, tarkibi, uning boshqa dorilar
bilan ta’sirini aniqlashdan iborat. Bundan tashqari, mazkur yo‘nalishni
tamomlagan talabalar sud-tibbiyot ekspertizalarida ekspert sifatida
faoliyat olib borishlari ham mumkin.
03062010291.jpg
Faqat mazkur yo‘nalishni bitirgan talabalargina 3 yil tajribaga ega
bo‘lishgandan so‘ng xususiy dorixona ochish huquqini beruvchi litsenziya
olishlari mumkin.
2012-yilgi qabulda mazkur yo‘nalishga 1105 nafar abituriyent hujjat
topshirgan. Ulardan 14 nafari davlat granti asosida, 96 nafari esa
to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Mazkur yo‘nalish
talabasi bo‘lish uchun abituriyentlar kimyo, biologiya hamda ona tili va
adabiyot fanlaridan imtihon topshirishadi.
2. Sanoat farmatsiyasi yo‘nalishini bitirganlar farmatsiya
yo‘nalishini tamomlagan talabalar tomonidan yaratilgan dori vositalarini
ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishadi. Ularning asosiy ish joylari
farmatsevtika korxonalari hisoblanadi.
2012 – 13-o‘quv yilida ushbu yo‘nalishga 562 nafar abituriyent hujjat
topshirgan. Ulardan 18 nafari davlat granti asosida, 47 nafari esa
to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalishga kirish
uchun kimyo, biologiya hamda ona tili va adabiyot fanlaridanimtihon
topshiriladi.
3. Biotexnologiya yo‘nalishi bitiruvchilari tabiiy asosga ega bo‘lgan
moddalardan dori vositalarini olish bilan shug‘ullanishadi. Tabiiy
asosga ega bo‘lgan moddalar deganda dorivor o‘simliklar, hayvonlarning
tanasidagi mahsulotlar, mineral moddalar tushuniladi. Bu mutaxassislar
dorivor o‘simliklar o‘stirish va ko‘paytirishning o‘ziga xos nozik
jihatlarini o‘rganish bilan birga ular yo‘qolib ketishining ham oldini
olishadi.
Hozir kimyoviy dori vositalaridan ko‘ra ko‘proq tabiiy
xom-ashyolardan olingan dori vositalariga talab ortib bormoqda. Lekin bu
yo‘nalishni namunali tamomlagan talabalar ishsiz qolib ketishmaydi,
albatta.
Mazkur yo‘nalishga o‘tgan yili 333 nafar abituriyent hujjat
topshirgan. Ulardan 10 nafari davlat granti asosida, 15 nafari esa
to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Bu yo‘nalish talabasi
bo‘lish uchun kimyo, matematika hamda ona tili va adabiyot fanlaridan
imtihon topshirishadi.
4. Kasbiy ta’lim yo‘nalishini bitirganlar barcha sohalarda bo‘lgani
kabi dorishunoslik sohasi bo‘yicha ta’lim olmoqchi bo‘lgan o‘quvchilarga
bilim berishadi. Bu yo‘nalish talabalarining ustunlik jihati ular
dorishunoslik sohasini o‘rganish bilan birga pedagogika sirlaridan ham
voqif bo‘lishadi.
Bu yo‘nalishga 2012-yili 309 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
Ulardan 10 nafari davlat granti asosida, 15 nafari esa
to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan. Ushbu yo‘nalish
talabasi bo‘lish uchun biologiya, kimyo hamda ona tili va adabiyot
fanlaridan imtihon topshiriladi.
|